3-sentabr kuni Dohadagi Islom san’ati muzeyida O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan Islom san’ati muzeyi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “O‘zbekiston: boqiy meros” ko‘rgazmasi ishga tushirildi.

Ko‘rgazma O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda islom dini tarqalishidan avvalgi davrdan to hozirgi kunga qadar mavjud bo‘lgan madaniy merosini namoyish etadi. Ekspozitsiya 152 ta muzey eksponatlarini, jumladan, O‘zbekistonning 7 ta muzeyi, Islom san’ati muzeyi va Qatar Milliy kutubxonasiga mansub ashyolarni birlashtiradi.

Loyiha Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekiston madaniy merosini xalqaro miqyosda taqdim etishga qaratilayotgan alohida e’tiborni o‘zida mujassam etadi.

Asosiy eksponatlar orasida ilk bor O‘zbekiston sarhadlaridan tashqariga olib chiqilgan Afrosiyob “Elchilar xonasi”ning g‘arbiy devoriy surati, VIII asrga oid Katta Langar Qur’oni sahifalari hamda XVI asrga oid me’moriy chizmalar mavjud.

Ko‘rgazma 2026-yilning 28-noyabrigacha davom etadi.