Menyu

Rahbariyat

cusp

Gayane Umerova

Rais

 

Gayane Umerova — Oʻzbekiston Respublikasining madaniy siyosat, kreativ iqtisodiyot va xalqaro gumanitar hamkorlik yoʻnalishlarida faoliyat yurituvchi davlat va jamoat arbobi.

Hozirda u Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Kreativ iqtisodiyot va turizm departamenti rahbari, shuningdek, Oʻzbekiston madaniyat va san’atni rivojlantirish jamgʻarmasi (ACDF) raisi lavozimida faoliyat olib bormoqda. Oʻz faoliyati davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarda ishtirok etib, madaniyat sohasini rivojlantirish, milliy merosni asrab-avaylash va mamlakatning xalqaro nufuzini mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surmoqda.

Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan madaniy infratuzilmani modernizatsiya qilish boʻyicha davlat strategiyasi doirasida yangi Oʻzbekiston Milliy muzeyini barpo etish, Toshkentdagi Zamonaviy san’at markazini rivojlantirish, muzey sohasi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish hamda xalqaro madaniy hamkorlikni kengaytirishga oid qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Ushbu tashabbuslarning bir qismini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston madaniyat va san’atni rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan olib borilmoqda.

Gayane Umerova Oʻzbekistonning madaniy salohiyatini xalqaro maydonda targʻib etishda ham faol ishtirok etadi. 2021-yildan buyon u Venetsiya san’at va me’morchilik biyennalesidagi Oʻzbekiston milliy pavilioni tashabbuskori sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Shuningdek, Butunjahon “EXPO 2025” Osaka Kansai kabi xalqaro koʻrgazmalar va forumlar doirasidagi mamlakat madaniy dasturlarini muvofiqlashtirishda ham qatnashmoqda.

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ishtirokida hamda xalqaro hamkorlar bilan birgalikda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan Orolboʻyi hududining ekologik va madaniy taraqqiyotiga bagʻishlangan ilk Buxoro biyennalesi hamda Orol madaniyat sammiti tashkil etildi.

Gayane Umerova Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston Respublikasining YUNESKO ishlari boʻyicha Milliy komissiyasi raisi ham hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan olib borilayotgan xalqaro madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash siyosati doirasida 2025-yilda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasini Samarqand shahrida oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror alohida ahamiyat kasb etdi.

Xalqaro madaniy muloqotni rivojlantirish va madaniy aloqalarni mustahkamlashdagi hissasi uchun u Oʻzbekiston mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlangan, 2025-yil aprel oyida esa Fransiya Respublikasining “San’at va adabiyot” ordeniga sazovor boʻlgan.

Oʻz professional faoliyatida Gayane Umerova madaniyat sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish, yosh mutaxassislarni qoʻllab-quvvatlash, kreativ sanoat tarmoqlarini rivojlantirish va Oʻzbekistonda zamonaviy madaniy muhitni shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratib kelmoqda.