Dohadagi Islom san’ati muzeyida O‘zbekistonning ming yildan ortiq badiiy va madaniy merosidan hikoya etuvchi “O‘zbekiston: boqiy meros” nomli ko‘rgazma o‘z ishini davom ettirmoqda. Ko‘rgazma Islom san’ati muzeyi tomonidan O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan bo‘lib, u 2026-yil 28-noyabrgacha davom etadi.
Namoyishga qo‘yilgan diqqatga molik buyum va ashyolar orasida O‘zbekiston sarhadlaridan tashqarida ilk bor namoyish etilayotgan VII asrga oid Afrosiyobdagi “Elchilar zali”ning g‘arbiy devori parchasi, VIII asrga taalluqli Katta Langar Qur’oni varaqlari hamda Amir Temur maqbarasi majmuasiga tegishli XV asrga oid o‘ymakor yog‘och darboza mavjud.
Ekspozitsiya O‘zbekiston badiiy va hunarmandchilik an’analarining rang-barangligini kashf etadigan Buxoro va Rishton maktablari kulolchiligi, zardo‘zlik, an’anaviy zargarlik buyumlari, xonatlas, adras va boshqa asar namunalari bilan mazmunan boyitilgan.