Bugun O‘zbekistonda O‘zbek tili bayrami kuni nishonlanmoqda. Turkiy tillarning katta oilasiga mansub o‘zbek tili dunyoda eng qadimiy va ko‘p qo‘llaniladigan tillardan biridir. Hozirda u dunyoning 20 dan ortiq mamlakatlarida keng tarqalgan va unda 50 millionga yaqin insonlar so‘zlashadilar.
Hozirgi o‘zbek tilining shakllanish bosqichlaridan biri eski o‘zbek, ya’ni chig‘atoy tilining rivojlanishi hisoblanadi. Chig‘atoy tili XV asrda Movarounnahrdagi temuriylar boshqaruvida, XVI-XVIII asrlarda o‘zbek Shayboniylar sulolasi hukmronligi davrida Buxoro xonligida keng tarqalgan. Chig‘atoy ulusida shakllangan kitobiy yozma turkiy til XV-XVI asr boshlarida o‘z davri zamondoshlari tomonidan turkiy yoki chig‘atoy turkiy deb atalgan, keyinchalik ba’zi manbalarda “chig‘atoy tili” deb atala boshlangan. Chig‘atoy tili o‘zining yoqimli ohangi, yuksak badiiy ifodaviyligi hamda atamashunosligining mukammalligi bilan ajralib turgan. Navoiy, Bobur, Mashrab kabi madaniyat namoyandalari, o‘lkaning davlat arboblari va tarixchilari undan adabiy til sifatida foydalanganlar. Sovet hokimiyati o‘rnatilgunga qadar chig‘atoy tili o‘zbek va uyg‘ur xalqlarining asosiy yozma va adabiy tili bo‘lib xizmat qilgan.
🖼 Berlin davlat kutubxonasidagi chig‘atoy qo‘lyozmasidan parcha