“BMT Turizm” tashkiloti Bosh kotibi Shayxa Nosir Al Novays boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Respublikasining rasmiy vakillari hamrohligida mintaqadagi eng yirik muzey loyihalaridan biri — O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.

Tamal toshi 2018-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qo‘yilgan va yuksak me’moriy konsepsiya asosida bunyod etilib, yaqinda — 17-mart kuni davlat rahbari ishtirokida rasman ochilgan ushbu muhtasham majmua allaqachon xalqaro hamjamiyat diqqat markaziga tushishga ulgurdi.

Yangi markazning ilk nufuzli mehmonlaridan biriga aylangan delegatsiya a’zolari asosiy ekspozitsiyalar, xususan, VII asrga oid o‘ta nodir qo‘lyozma — Usmon ibn Affon mus’hafi joy olgan Qur’on zali bilan tanishdilar. Ushbu nodir nusxa namoyishi zamonaviy mepping-shou hamohangligida o‘tkazildi.

Shayxa Nosir Al Novays mazkur tashrif u uchun alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidlab, Markaz sayyohlar va mamlakat aholisini o‘ziga jalb qiluvchi muhim maskanga aylanishini qayd etdi.