Venetsiya mezbonlik qilayotgan “Homo Faber 2026” ko‘rgazmasida O‘zbekistonni nafaqat ustalar va ularning asarlari, balki vositachilar bo‘lmish Sabina Jo‘rayeva va Diyorbek Abdullayev ham tamsil etdilar.
Ular har kuni ekspozitsiya mehmonlariga peshvoz chiqib, mohir ustalar haqidagi tafsilotlarni baham ko‘rishdi, o‘zbek hunarmandchiligining usul va an’analari bilan tanishtirib, tashrif buyuruvchilarning savollariga javob berdilar.
Aynan shunday suhbatlar orqali madaniyat bilan yaqindan tanishish imkoniyati vujudga keladi – har bir buyum ortida inson, makon va mahorat tarixi namoyon bo‘ladi.
“Homo Faber 2026” anjumani Sabina va Diyorbek uchun mazkur muloqotning bir qismiga aylanish va O‘zbekistonning hozirgi zamon hunarmandchiligini butun dunyodan tashrif buyuruvchi mehmonlarga taqdim etish imkonini berdi.