Orol assambleyasi doirasida Orol maktabi Jozef Grima rahbarligida dasturning ikkinchi mavsumi boshlanganini e’lon qiladi. Yangi mavzu — "Iqlim va landshaft".

Me’mor, kurator va tadqiqotchi Jozef Grima Orol maktabining ikkinchi mavsumiga dasturiy direktor etib tayinlandi. U O‘zbekistonda qator madaniy loyihalarni amalga oshirgan, jumladan, 2021-yilda Toshkentdagi Zamonaviy san’at markazi uchun ko‘rgazmaga, 2022-yilda esa Venetsiya biyennalesidagi O‘zbekiston Milliy pavilioniga kuratorlik qilgan. Nukusda Grima birinchi dastur ishtirokchilari, mentorlar va mahalliy mutaxassislar bilan uchrashib, ilk yil tajribasini muhokama qildi hamda yangi mavsumning asosiy yo‘nalishlarini belgilab oldi.

Ikkinchi mavsum Orolbo‘yining o‘zgarib borayotgan muhiti hamda uning landshaftini shakllantiruvchi ijtimoiy, madaniy va ekologik o‘zaro bog‘liqliklarni o‘rganishga bag‘ishlanadi.

Dasturning ikkinchi yili Orol maktabining tadqiqot va ijodiy faoliyatni landshaft, madaniyat va merosni o‘zaro bog‘lovchi regenerativ amaliyot sifatida o‘rganish yo‘nalishidagi ishlarini davom ettiradi. Shu orqali yosh mutaxassislar uchun bilimning yangi shakllarini rivojlantirish va jamoaviy tashabbuslarni amalga oshirish imkoniyatlari yaratiladi.