Orol assambleyasining ikkinchi kuni Orol maktabida o‘tdi. Dastur bitiruvchilar, ekspertlar va turli soha vakillarini munozaralar, mahorat darslari hamda bilim va tajriba almashish uchun birlashtirdi.
Kun I.V. Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat san’at muzeyi direktori Gulbahor Izentaevaning muzeyning 60 yilligiga bag‘ishlangan ma’ruzasi bilan boshlandi. Shundan so‘ng Orol maktabi bitiruvchilari va ekspertlar hamjamiyatlar, landshaft, suv va kelajak amaliyotlari haqida fikr almashib, Qoraqalpog‘istonning an’anaviy bilimlari va mahalliy tajribasiga alohida e’tibor qaratdilar.
Kunning ikkinchi yarmida mintaqaning kosmik sohadagi salohiyati va kosmik texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlari muhokama qilindi. Dastur an’anaviy me’morchilik va mahalliy materiallarga bag‘ishlangan mahorat darslari bilan davom etdi hamda o‘tmish bilimlarining kelajakni shakllantirishdagi o‘rniga bag‘ishlangan avlodlararo va madaniyatlararo muloqot — “Keler Dasturxon” bilan yakunlandi.