2-oktabr kuni O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerovaning Madaniy yodgorliklarni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha xalqaro tadqiqot markazi (ICCROM) bosh direktori Aruna Francheska Maria Gujral bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar O‘zbekiston va ICCROM o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, madaniy merosni muhofaza qilish va boshqarish sohasida mutaxassislar salohiyatini oshirish hamda YUNESKO Umumjahon merosi obyektlarini boshqarish tizimini takomillashtirish istiqbollarini muhokama qildilar.

2026–2030-yillarga mo‘ljallangan “Toshkent modernizm me’morchiligi” davlat dasturini amalga oshirish doirasida, jumladan, obyektlarni konservatsiya va restavratsiya qilish, ularning holatini monitoring qilish, mutaxassislar tayyorlash va XX asr me’moriy merosini saqlashda zamonaviy yondashuvlarni tatbiq etish masalalari bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.