O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mamlakat madaniy merosini asrab-avaylash, ilmiy o‘rganish va xalqaro miqyosda targ‘ib etishga qaratilgan izchil davlat siyosati doirasida O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Koreya Respublikasining Pusan shahrida bo‘lib o‘tayotgan YUNESKO Butunjahon merosi qo‘mitasining 48-sessiyasida ishtirok etmoqda.

Sessiya davomida 10 ta diqqatga sazovor inshootdan iborat “Toshkent modernizm me’morchiligi” turkum nominatsiyasini YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risidagi O‘zbekiston uchun zalvarli ahamiyatga ega qaror qabul qilindi.

Mazkur qaydnoma O‘zbekistonning so‘nggi 25 yil ichida YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan ilk milliy nominatsiyasi hisoblanadi. Bu, shuningdek, O‘zbekistonni Markaziy Osiyo va MDH mamlakatlari orasida ilk bor hamda dunyoda XX asr modernizm me’morchilik merosi YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatida tamsil etilgan kam sonli mamlakatlardan biriga aylantiradi. Bundan tashqari, “Toshkent modernizm me’morchiligi” turkum nominatsiyasi o‘z tarkibidagi eng so‘nggi obyekt 1990-yilda barpo etilganligi bilan Butunjahon merosi ro‘yxati tarixida kiritilgan eng yosh me’moriy meros namunasi sifatida e’tirof etildi.