4-iyun kuni Mariinskiy teatrida Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy anjumanining “Peterburg fasllari” madaniyat festivali doirasida O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan taqdim etilgan G.F.Gendelning “Tamerlano” operasi namoyish etildi. Tomoshada Rossiya Federatsiyasi Prezidentining xalqaro madaniy hamkorlik masalalari bo‘yicha maxsus vakili Mixail Shvidkoy, Rossiya Federatsiyasi madaniyat vaziri Olga Lyubimova va Mariinskiy teatri badiiy rahbari Valeriy Gergiyev hozir bo‘ldilar.

Rejissyor Stefano Podaning keng ko‘lamli spektakli barokko musiqiy an’analari va zamonaviy badiiy tilni o‘zida mujassam etadi. Gendel musiqasi Kirill Rihterning o‘zbek milliy cholg‘ulari bilan yanada boyitilgan yangi talqinida yangradi.

Musiqiy ijroni dirijyor Alibek Kabdurahmanov boshchiligidagi O‘zbekiston milliy simfonik orkestri taqdim etdi. Loyiha Amir Temur davri bilan bog‘liq tarixiy syujetni musiqiy va madaniy an’analar uyg‘unligi orqali zamonaviy badiiy ifodasini taklif etadi.