Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan O‘zbek milliy qo‘g‘irchoq teatrida O‘zbekiston madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashabbusi bilan sahnalashtirilgan “Xalifa-Laylak” spektaklining premyerasi bo‘lib o‘tdi.
Spektaklning ilk tomoshabinlari nogironligi bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari, “Imkon” reabilitatsiya markazi ishtirokchilari hamda ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar vakillari bo‘ldi.
Sahna asari nemis adibi Vilgelm Gaufning mashhur ertagi asosida yaratilgan bo‘lib, unda erkinlik izlash va yolg‘izlikning qiymati haqidagi falsafiy mushohadalar zamonaviy talqinda aks etadi. Asar qahramoni qanot chiqarib, uzoqlarga parvoz qilishni orzu qiladi, biroq haqiqiy erkinlik sari yo‘l u tasavvur qilganidan mutlaqo boshqacha ekanini anglaydi.
Sehrli evrilishlar, 16 nafar aktyor ijrosi, 30 dan ortiq qo‘g‘irchoq hamda xalqaro ijodiy jamoa hamkorligida yaratilgan sahna yechimlari 6 yoshdan katta tomoshabinlar uchun rang-barang va ko‘p qatlamli teatr olamini namoyon etadi.
Spektakl ustida xalqaro ijodiy guruh rejissyor Roman Boklanov, sahna rassomi Alina Koritova, yorug‘lik bo‘yicha rassom Kseniya Kozlova, texnik direktor Sergey Koritov, dramaturg Klavdiya Gushchina va bastakor Alima Bayterekovalar faoliyat olib bordi.
“Xalifa-Laylak” spektakli namoyishlari 14-iyunga qadar O‘zbek milliy qo‘g‘irchoq teatrida davom etadi.
Chiptalarni havola orqali xarid qilish mumkin.