Palazzo Citterio'da “O‘rik gullaganda” ko‘rgazmasining ochilish davra suhbati bo‘lib o‘tdi — bu O‘zbekistonning “Milan Design Week” doirasidagi ilk loyihasidir.
Davra suhbatini “Dezeen” nashrining tahririy direktori Maks Freyzer olib bordi. Unda O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova, ko‘rgazma kuratori hamda “WHY Architecture” asoschisi Kulapat Yantrasast va dizayner Betan Lora Vud ishtirok etdi.
Suhbat davomida ko‘rgazma zamonaviy dizaynerlar va o‘zbek hunarmandlarini an’anaviy materiallar — yog‘och, ipak, jun (namat), keramika va qamish atrofida birlashtirishi, shu bilan birga Orolbo‘yi hududining ekologik va madaniy hikoyasini ochib berishi ta’kidlandi.
“O‘rik gullaganda” loyihasi Orolbo‘yida ildiz otgan bo‘lib, u Milan bilan cheklanib qolmaydi. U Jamg‘armaning Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilayotgan uzoq muddatli madaniy va ta’lim dasturlari orqali davom etadi va O‘zbekistonning mintaqani ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy jihatdan tiklashga qaratilgan o‘n yillik davlat strategiyasi doirasiga kiradi.