O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha yangi chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi qonunni imzoladi.

Asosiy o‘zgarishlar orasida kreativ sanoat sohasidagi loyihalarni amalga oshirishga jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislar va kompaniyalar uchun soliq imtiyozlari ham bor. Imtiyozlar 2026-yil 1-yanvardan 2030-yil 1-yanvargacha amal qiladi. Qonun, shuningdek, yangi ishtirokchilar uchun Kreativ industriya parki rezidenti maqomini olish tartibini soddalashtiradi – yangi tashkil etilgan kreativ industriya subyektlari uchun endi minimal daromad miqdori talabi hisobga olinmaydi. Bundan tashqari, hujjatda xalqaro madaniy tadbirlarni tashkil etishning qo‘shimcha mexanizmlari nazarda tutilgan.

Qabul qilingan qonunchilikdagi o‘zgarishlar kreativ iqtisodiyotni yanada rivojlantirish, sohaning yangi ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlash va kreativ tashabbuslarni amalga oshirish uchun yanada qulay shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan.