Sankt-Peterburgdagi Faberje muzeyida “Zamin muhabbati va samoviy muhabbat. Vladimir va Konstantin Makovskiylar” ko‘rgazmasi o‘z nihoyasiga yetdi. Ko‘rgazmaga jami 210 717 nafar kishi tashrif buyurdi.
Ekspozitsiyadan O‘zbekiston davlat san’at muzeyi kolleksiyasiga mansub to‘qqizta san’at asari o‘rin oldi. Ulardan sakkiztasi ko‘rgazmaga tayyorgarlik doirasida restavratsiya qilindi.
O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ko‘rgazmani tashkil etish va uning muvaffaqiyatli o‘tishiga hissa qo‘shgan Faberje muzeyi direktori Vladimir Voronchenko, san’at homiysi Viktor Vekselberg, shuningdek, barcha hamkorlar va mutaxassislarga samimiy minnatdorlik bildiradi.