Tarixiy “Registon” maydoni yana jahon miqyosidagi sahnaga aylandi!

8-iyun kuni Samarqandda Gremmi, Oskar, Toni va Emmi mukofotlari sovrindori, dunyoga mashhur xonanda va qo‘shiqlar muallifi Jon Lejendning konserti bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan ushbu konsert salmoqli madaniy tadbirga aylanib, mamlakatimizda amalga oshirilib kelayotgan xalqaro loyihalar turkumini davom ettirdi.

Muhtasham “Registon” majmuasi manzarasida soul, jaz va zamonaviy pop-madaniyatni o‘zida mujassam etgan musiqa jahon san’ati va O‘zbekistonning benazir tarixiy merosi uyg‘unlashgan ajib muhitni yaratdi.

Minglab tomoshabinlar maydonni to‘ldirib, yuzlab shamlar esa oqshomning betakror muhitiga shukuh baxsh etdi. John Legendning jonli ijrosi “Registon”ning jahon darajasidagi madaniy loyihalar maydoni sifatidagi maqomini tasdiqlagan yana bir yorqin voqea bo‘ldi.