Toshkentda xalqaro turizm hamkorligini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

Toshkentda Prezident Administratsiyasi Kreativ iqtisodiyot va turizm bo‘yicha departamentining rahbari Gayane Umerova hamda O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulovning “BMT Turizm” Bosh kotibi Shayxa Nosir Al Novays bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu mamlakatning turizm sohasidagi hamkorlik borasidagi faol tashqi siyosiy kun tartibining ifodasi bo‘ldi.

Uchrashuvda sohaning barqaror rivojlanishi, madaniy va tadbirlar turizmini kengaytirish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. O‘zbekistonda sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish va yangi turistik takliflar yaratishga qaratilgan islohotlar natijalari e’tirof etildi.

Turizm sohasini rivojlantirish – davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani, jumladan, bu barqaror iqtisodiy o‘sish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlandi.

Tomonlar ta’lim loyihalari, hunarmandchilikni qo‘llab-quvvatlash va turizm sohasiga raqamli yechimlarni joriy etish kabi qo‘shma tashabbuslar istiqbollarini muhokama qildi. Uchrashuv yakunida hamkorlikni yanada rivojlantirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanliklari tasdiqlandi.