O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan madaniy merosni asrab-avaylash sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va yetakchi xalqaro ekspert tashkilotlari bilan sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan siyosat doirasida Pusan shahrida YUNESKO Butnjahon merosi qo‘mitasining 48-sessiyasi tanafussida O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerovaning ICOMOS prezidenti Tereza Patrisio va ICOMOS bosh direktori Selin Noges-Veber bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar O‘zbekiston va ICOMOS o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, jumladan, O‘zbekistonda YUNESKOning Butunjahon merosi obyektlarini saqlash bo‘yicha qo‘shma muloqot jarayonini amalga oshirish, shuningdek, tarixiy shaharlarning bosh rejalarini ishlab chiqish masalalarini muhokama qildilar.
Ekspertlik va texnik hamkorlikni kengaytirish, mutaxassislarni kasbiy tayyorlash dasturlarini rivojlantirish hamda madaniy meros obyektlarini saqlash va barqaror rivojlantirishga qaratilgan yangi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.