Yaponiyaning Osaka shahridagi Etnologiya milliy muzeyida “Ipak yo‘li savdogarlarining aks-sadosi: Samarqand yodgorliklari va Yevroosiyo aloqalari” xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi.

Ko‘rgazma 200 dan ortiq buyumlarni, jumladan, Arxeologiya instituti va “Samarqand” muzey-qo‘riqxonasini tamsil etuvchi, Samarqanddan keltirilgan 63 ta arxeologik va muzey eksponatlarini birlashtiradi. Materiallarning salmoqli qismi kelib chiqishi Kofirqala xarobasiga mansub bo‘lib, o‘zbek-yapon arxeologik tadqiqotlari natijalarini o‘zida aks ettiradi.

Loyiha Markaziy Osiyo tarixida savdogarlarning tutgan o‘rniga bag‘ishlangan bo‘lib, Ipak yo‘lini nafaqat tijorat yo‘li, balki Yevroosiyoning turli mintaqalarini tutashtirgan madaniy, diniy va ijtimoiy almashinuv makoni sifatida ko‘rib chiqishni taklif etadi.

Ko‘rgazma tashrif buyuruvchilar uchun 2026-yilning 2-iyuniga qadar muntazir.