Nukusdagi I.V. Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyida Orol assambleyasi o‘z ishini boshladi. Uch kun davom etadigan dastur Orolbo‘yi kelajagiga bag‘ishlangan muloqotlar, uchrashuvlar va fikr almashuvlar uchun maydon yaratadi.
Assambleyaning ochilishida O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisining birinchi o‘rinbosari Azizbek Mannopov hamda Ijtimoiy va madaniy rivojlanish, yoshlar siyosati, turizm va fuqarolik jamiyati institutlari masalalari qo‘mitasi vakili Murat Atamuratov kirish so‘zi bilan ishtirok etdi.
Orol assambleyasi Savitskiy muzeyining 60 yilligi nishonlanayotgan yilda o‘tkazilmoqda. Muzey tashkil etilgan ilk kunlaridanoq shunchaki san’at asarlari to‘plami bo‘lib qolmay, insonlar, g‘oyalar va turli sohalarni o‘zaro bog‘lovchi ma’rifiy makonga aylandi. Orol assambleyasi dasturi turli bilim va tajribalarni bir nuqtada jamlab, muassasalar, turli soha vakillari va hamjamiyatlar o‘rtasidagi muloqot uchun ochiq maydon yaratadi.
Dastur Nukusning turli maskanlarida munozaralar, asosiy ma’ruzalar va madaniy tadbirlar bilan davom etadi.