Joriy yilning 10-dekabr kuni Rim shahrida Madaniy yodgorliklarni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha xalqaro tadqiqot markazi (ICCROM)'ning Bosh Assambleyasi 34-sessiyasi ochildi. 2024-yilda tashkilotning 138-a’zo davlatiga aylangan O‘zbekiston delegatsiyasi ICCROM va YUNESKO rahbariyati tomonidan samimiy kutib olindi.

Sessiya davomida mamlakatimizning madaniy merosni asrash sohasidagi o‘sib borayotgan roli, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasidagi e’tibori alohida ta’kidlandi. Xususan, YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining Samarqandda muvaffaqiyatli o‘tkazilgani yuqori baholandi.

O‘zbekistonning YUNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasi Bosh kotibi Otabek Gaipov ta’kidlashicha, mamlakatning ICCROM'ga qo‘shilishi madaniy yodgorliklarni saqlash va restavratsiya qilish yo‘nalishida milliy salohiyatni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam sifatida qaralmoqda.