Nukus shahridagi I.V.Savitskiy nomidagi Davlat san’at muzeyida “O‘zbekiston: sahrodagi avangard” ko‘rgazma loyihasi davom etmoqda.
Ekspozitsiyaning 2-qavatida asosan XX asrning ikkinchi yarmiga oid asarlar o‘rin olgan. Ulardan biri Kliment Redko mo‘yqalamiga mansub “Dengiz bo‘yida. Mari-Luiza” asaridir. 1922-yilda K.Redko avangard san’atida yangi yo‘nalish hisoblanmish elektroorganizm yoki svechenizmni o‘ylab topadi. Uning mohiyati rangtasvir vositalari orqali energiya, harakat sur’ati, fazoning kengligi kabi fizik hodisalarni ifodalashdan iborat bo‘ladi. Yorug‘likni jismlarning oliy ko‘rinishi sifatida ta’riflab, rangni nur sifatida uzoq mulohaza yuritgan Redko ushbu g‘ayrat-shijoatni o‘z asarlarida gavdalantirishga harakat qiladi. Dengiz bo‘yida Mari-Luiza xonimni kuzatar ekan, Redko uning parvozsimon xatti-harakatlari va tevarak-atrofdagi yog‘duga alohida e’tibor qaratadi.
Ushbu ko‘rgazma 2025-yilning dekabriga qadar davom etadi.