Kutubxona binosining ichki qismini pardozlash ishlari davomida manzarali devoriy suratlar kashf etildi. Quruvchilar devoriy suratlarni qoplagan 7 dan ortiq rangli qatlamlarni mohirlik bilan olib tashlashdi. Devoriy suratlar XX asrning          60-yillariga taalluqli ekanini aniqlashga muvaffaq bo‘lindi.

Pannolarni ehtiyotkorlik bilan tiklash va ularni kelgusi bus-butligini ta’minlash maqsadida Turkiyaning “Mesa” kompaniyasidan sulolaviy restavratorlar taklif qilindi. Professor Munevver Ucher, dotsent Kaya Ucher va restavrator Elif Naz Ucherdan iborat uchlik Respublika bolalar kutubxonasi binosidagi manzarali pannolarni restavratsiya qilish ishlariga qo‘shildilar. Ilgari ushbu restavratorlar jamoasi Topkapi saroyi, Istanbuldagi Aya Sofiya va Sulaymoniya masjidlari va boshqa madaniy meros inshootlarida shiftdagi rasmlarni restavratsiya qilish ustida ishlagan.

“Restavratsiya ishlari mobaynida olingan maʼlumotlarga koʻra, devoriy suratlar oʻtgan asrning 60-yillari boshlarida yaratilgan deb taxmin qilamiz. Kuzatishlarimiz shunday xulosaga kelishga imkon beradiki, suratlar devor yuzasida moy-bo‘yoq bilan, oftobda toblangan somon va loy qorishmasidan yaratilgan. Bu ashyo Turkiyada “kerpiç” yoki O‘zbekistonda “somon”, deb atalib, mintaqaga xos qurilish materialidir. Somonning moy-bo‘yoqlar bilan uyg‘unlashuvi ajoyib devoriy suratlarni yaratishga imkon berib, o‘z tarkibi sharofati bilan bugungi kunga qadar saqlanib qolgan. Qayta tiklash ishlari yakunlangach, bo‘yoq qatlamlarining parchalarini Turkiyadagi restavratsiya laboratoriyasida tahlil qilishni rejalashtirmoqdamiz. Bu bizga topilgan pannolar tavsifi haqida aniqroq xulosalar chiqarish imkonini beradi”, deydi dotsent Kaya Ucher.

“Ehtimol, rangtasvir pannolar bo‘yoqlarning eskirishi va xiralashishi yoki ko‘zga tashlanuvchi tashqi shikastlanish tufayli bo‘yalgan. Yoki boshqa taxminga ko‘ra, inshootning ichki qismi o‘zgarganligi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Nima bo‘lmasin, suratni bo‘yash qarori alaloqibat tasvirlarni saqlab qoldi. Pannolarni qayta tiklash jarayonida biz rasm unsurlarini asl suratni ko‘rish mumkin bo‘lgan tarzda tozalashga harakat qilamiz. Biz asarning birlamchi tarovatini saqlab qolish maqsadida an’anaviy usullarni qo‘llash, ularni ushbu asarning betakror ranglari va bo‘yash texnikasiga moslashtirishni rejalashtirganmiz. Maqsadimiz shikastni bartaraf etib, bezavol qolgan asarlarni munosib himoya bilan ta’minlashdir”, – deya izohlaydi professor Munevver Ucher xonim.

Qayta tiklangan manzarali pannolarni sentabr oyining boshidayoq Respublika bolalar kutubxonasi tashrif buyuruvchilar uchun o‘z eshiklarini ochgan chog‘da tomosha qilish mumkin bo‘ladi.