Zumrad qish bayramlari arafasida Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri sahnasida Pyotr Ilich Chaykovskiyning asl musiqasi asosida qayta sayqal berilgan “Qarsildoq” baletining premyerasi bo‘lib o‘tadi. Mazkur sehrli spektakl dekabr oyida barcha san’at ixlosmandlarini xushnud etib, Toshkent madaniy hayotida yorqin voqea bo‘lishi kutilmoqda. O‘zbekiston milliy baleti uchun yangicha sayqallangan sahnalashtiruv O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ko‘magida tayyorlangan.
 
Ushbu yangi yil ertagini sahnalashtirishga O‘zbekistonning yetakchi ijodiy shijoat egalari va Bolshoy, Mariinskiy teatrlari hamda Ural opera baletidagi faoliyati bilan dong taratgan rossiyalik rejissyorlar taklif etilganlar. Maksim Petrovning xoreografik talqini mumtoz asarga yangi hayot nafasini bag‘ishlab, Alibek Kabdurahmonov boshchiligidagi O‘zbekiston milliy simfonik orkestrining musiqiy jo‘rligi esa ilhombaxsh va unutilmas oqshomni in’om etishi kutilmoqda.
 
Tomoshabinlar ko‘z o‘nglarida raqs, musiqa va yorug‘lik bilan limmo-lim fusunkor va jo‘shqin olam kashf etilib, sahna maydoni yangi qiyofa kasb etib borayotganiga guvoh bo‘ladilar. Qayta anglangan “Qarsildoq” baleti nafaqat mumtozasar, balki chinakam shukuhli muhitga g‘arq bo‘lish hamdir. Ta’sirchan sahna bezaklari, bashang liboslar hamda zamonaviy texnologiyalar tomoshabinlarni aslo befarq qoldirmaydi.
 
Maksim Petrovning “Qarsildoq” tomoshasining O‘zbekiston milliy baleti uchun sahnalashtiruvi – bu yangi talqinda ijro etilgan va mumtoz asarni zamonaviy idrok etishga yo‘naltirilgan balet spektaklidir. Voqealar rivoji ikki pardada sodir bo‘ladi. Ssenariy asosiy qahramonlarning ichki dunyosiga alohida urg‘u berilgan holda orzu-armonlar, g‘aroyibot va o‘zgarish mavzularini ta’kidlaydi.
 
Imkon qadar ko‘plab bolalar bayramona kayfiyatga oshno bo‘lib, sehrli g‘aroyibot, mehr-muruvvat va eng ezgu tuyg‘ularga to‘la xayolot olamiga ravona bo‘lish uchun O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi baletning ijtimoiy namoyishlarini tashkil etadi. Ular kunduz kuni butun respublikaning barcha hududlaridagi vasiylikdagi ijtimoiy muassasalar, mehribonlik uylari va maktab-internatlari tarbiyalanuvchi bolalari va o‘smirlar uchun o‘tkaziladi.
 
Chaykovskiyning “Qarsildoq” asari, shunchaki balet emas, bu ertakona hikoya hisoblanib, tomoshabinlarni raqsga tushuvchi qor parchalari, Muz Qirolligiga sayohat va Qarsildoq bilan uchrashuvga yetaklovchi hayrat va xayolot olamiga ravona qildiradi. Bu butun oila a’zolari uchun ajib va shodiyona muhiti bilan ro‘baro‘ kelish uchun ajoyib imkoniyatdir.
 
“Qarsildoq” baletining yangicha sahnalashtiruvi bilan birga sehrli bayramona muhitga sho‘ng‘ing!
 
Pyotr Ilich Chaykovskiy
QARSILDOQ
 
sahnalashtiruvchi xoreograf – Maksim Petrov
sahnalashtiruvchi dirijyor – Alibek Kabdurahmonov
sahna bezaklari – Stepan Lukyanov
liboslar – Yuliana Laykova
chiroq ustasi – Konstantin Binkin
video – Ilya Starilov
dramaturg – Bogdan Korolyok
 
O‘zbekiston milliy baleti
O‘zbekiston milliy simfonik orkestri
 
 
Namoyishlar jadvali:
 
23-dekabr 19:00
24-dekabr 19:00
 
26-dekabr 12:00 / ijtimoiy
27-dekabr 17:00 / ijtimoiy
 
29-dekabr 19:00
30-dekabr 19:00