Respublika bolalar kutubxonasi va “Garaj” muzeyi inklyuziv loyihalar bo‘yicha ochiq tanlovini e’lon qiladi hamda bolalar va o‘smirlar bilan ishlashda inklyuziv amaliyot mavzusiga bag‘ishlangan anjumanda ishtirok etish uchun arizalar qabul qilishni boshlaydi.
Arizalar 2024-yilning 3-martiga qadar (shu kuni ham) qabul qilinadi.

 

“His-tuyg‘ular muzeyi 0+” xalqaro har yillik anjumani “Garaj” zamonaviy sanʼat muzeyining inklyuziv dasturlar jamoasi tashabbusi bilan 8 yil avval professional hamjamiyat doirasida tajriba almashish va inklyuziv loyihalarni ishlab chiqishning turli ssenariylarini muhokama qilish maqsadida tashkil etilgan. Bu yil u 19–21-aprel kunlari bo‘lib o‘tadi va tamomila bolalik hamda bolalar va o‘smirlar bilan ishlashda inklyuziv amaliyotlar mavzusiga qaratiladi. Hamkor va o‘tkazish joyi sifatida rekonstruksiyadan so‘ng foydalanishga topshirilgan O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi loyihasi – Toshkentdagi Respublika bolalar kutubxonasi tanlandi.
Kutubxona qayta ta’mirdan so‘ng 2023-yil avgust oyida bolalar va kattalar uchun qulay maskan sifatida ochildi. Kutubxonani qayta ishga tushirish O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashabbusi bilan amalga oshirildi. Bu Jamg‘armaning ilk inklyuziv loyihasi emas – autizm spektri buzilishiga chalingan bolalar uchun “Samarkand Marathon” Bolalar akademiyasi 2022-yildan buyon faoliyat ko‘rsatmoqda, shuningdek, 2023-yilda beshinchi xalqaro “Samarqand Marathon” xayriya poygasi o‘tkazildi, to‘plangan mablag‘lar mamlakatimizda madaniyat va san’atda inklyuziv muhitni yaratishga yo‘naltirilgan. Jamg‘arma O‘zbekistonda tiflosharhlashni rivojlantiradi hamda muzeylarni turli shakldagi nogironligi bor kishilar uchun moslashtirishni boshqaradi.
 
Bu yilgi anjumanning muhim maqsadlaridan biri tashabbuslari Markaziy Osiyo mintaqasi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan yetakchi mutaxassislar o‘rtasida faol hamkorlik qilish uchun maydonni yaratishdan iborat. Xalqaro tajriba almashish lozim, chunki mutaxassislar hamfikrlarning qo‘llab-quvvatlashiga muhtoj bo‘lib turgan bir vaqtda, ko‘plab tashabbuslar yakka holda yashab kelmoqda. Inklyuziya deganda anjuman jamoasi jamiyatdagi xilma-xillikni qo‘llab-quvvatlash, jismoniy va axborot qulayliklarini ta’minlash, muhitning o‘zini o‘zgartirish bilan bog‘liq amaliyotlar to‘plamini, shuningdek, barcha tur va shakldagi istisno va kamsitishlarni yengib o‘tish bo‘yicha tashabbuslarini tushunadi.
 
“His-tuyg‘ular muzeyi 0+” anjumanida ishtirok etishga turli tajribaga ega bolalar va oʻsmirlar uchun loyihalarni amalqa oshirish, uslub yoki ishlab chiqilgan uslub asosida tadbirlarni oʻtkazishni muhokamaga taqdim etishga tayyor muzey xodimlari, oʻqituvchi, uslubchi, rassomlar hamda taʼlim amaliyoti va inklyuziyaga qiziqqan boshqa mutaxassislar taklif etiladi. Tashkilotchilar, shuningdek, nogironlikni anglashning ijtimoiy andozasiga ham tayanadilar, ammo anjumanda inklyuziyaning boshqa konsepsiyalari va nogironlikni anglashning boshqa modellariga tayanuvchi ishtirokchilar ham ishtirok etishlari mumkin, deb hisoblaydilar.
 
Ochiq tanlov 2024-yil 3-martga qadar davom etadi. Yetakchi mutaxassislar kengashi tomonidan saralab olingan loyihalar anjumanda ishtirok etish uchun taklif etiladi. Natijalar 2024-yil              25-mart kuni eʼlon qilinadi. Har bir loyiha uchun anjuman mutasaddilari eng mos taqdimot shaklini (ma’ruza, muhokama, amaliy mashg‘ulot, mahorat darslari, guruhlarda ishlash va boshqalar) tanlaydilar. Tashkilotchilar anjumanda ishtirok etish bilan bogʻliq chiptalar va mehmonxonada joylashish sarf-xarajatlarini ham qoplaydilar.
 
ARIZALARNI SARALASH BOSQICHLARI
 
Arizalarni qabul qilish: 2024-yil 3-martgacha (shu kuni ham)
Murojaatlarni yetakchi mutaxassislar kengashi tomonidan ko‘rib chiqish: 2024-yil 4–22-mart
Natijalarni e’lon qilish: 2024-yil 25-mart
 
Hujjatlar openmuseum@garagemca.org va info@acdflibrary.uz elektron manzillarida “Experiencing the Museum 2024” xat mavzusi bilan qabul qilinadi.
 
ARIZALARGA TALABLAR
  
Dasturda ishtirok etish uchun ariza o‘zbek, ingliz yoki rus tillarida erkin shaklda loyiha tavsifini oʻz ichiga olishi zarur. Shuningdek, arizalar rus imo-ishora tilida (RIT) video tasma shaklida, xalqaro imo-ishoralardan (IS) foydalangan holda olingan video tasmalar, shu jumladan, loyiha sahifasiga havolalar, video materiallar, ommaviy axborot vositalaridagi nashrlar va boshqa shakllarda qabul qilinadi. 
 
Arizani yozishda quyidagi savollarga javob berishga harakat qiling:
 
1. Loyihangizning umumiy muhokamasi anjuman doirasida qanday amaliy manfaat keltiradi?
2. Loyihada tajriba egalari qay tarzda taqdim etilgan: maqsadli auditoriya, yetakchi mutaxassislar kengashi, ishchi guruhning bir qismi va boshqalar?
3. Taqdimot davomida tarqatma materiallardan foydalanishni rejalashtiryapsizmi? Agar, ha boʻlsa, qanday?
4. Tinglovchilarni chiqishingizga faol tarzda jalb etishni rejalashtiryapsizmi? Agar, ha boʻlsa, qanday qilib?
 
Anjuman davomida qoʻshimcha yordam yoki hamrohlikka zarurati boʻlgan ishtirokchilar ham bu haqda oʻz arizalarida ma’lum qilishlari lozim.
 
Anjumanning barcha tadbirlari ham ishtirokchilar, ham tinglovchilar uchun roʻyxatdan avvaldan oʻtish orqali bepuldir. Bundan tashqari bevosita yoyin imkoniyati mavjud boʻladi. Anjumanning toʻliq jadvali 2024-yil mart oyida eʼlon qilinadi. Anjuman yangiliklarini kutubxona va “Garaj” muzeyining ijtimoiy tarmoqlarida kuzatib borish mumkin.


O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi 2017-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyevning qaroriga binoan asos solingan. Jamg‘armaning pirovard maqsadi O‘zbekiston madaniyatini xalqaro miqyos manzarasiga uzviy singdirish, madaniyat muassasalarida bag‘rikeng va qulay muhitni yaratish orqali mamlakat ichidagi imkoniyatlarni taraqqiy ettirish, muzeylarni ta’mirlash, metsenatlikni rivojlantirish hamda muzey, teatr va boshqa madaniyat muassasalari uchun xodimlar salohiyatini shakllantirishdan iborat. Jamg‘armaning loyihalari san’at, adabiyot, teatr, musiqa, me’morchilik, raqs san’ati, kino kabi qator yo‘nalishlarni qamrab olgan. Fanlararo yondashuvni qo‘llagan va turli mamlakatlar yetakchi mutaxassislarini birlashtirgan holda Jamg‘arma MDH, Yevropa va Osiyo mamlakatlari orasida madaniy diplomatiyaning yillar osha barq urishini rag‘batlantiradi.
“Garaj” zamonaviy san’at muzeyi 2008-yilda Darya Jukova va Roman Abramovich tomonidan tashkil etilgan. Muzey rus zamonaviy san’ati tarixi bo‘yicha arxivlarni toʻplab, saqlaydi, zamonaviy madaniyatning keng koʻlamli masalalariga doir kitoblarni nashr etish bilan shug‘ullanadi, filmlar namoyishi, ma’ruzalar oʻtkazadi, rassomlar va poytaxtda joylashmagan san’at muassasalarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha uzoq muddatli dasturlarni amalga oshiradi.
 
Respublika bolalar kutubxonasi tarixiy binoda joylashgan qo‘nim topgan shaharning yangi madaniyat o‘chog‘i hisoblanadi. Loyihaning qoq markazida o‘tgan asrning 60-yillaridagi Toshkent aholisi yaxshi bilib, eslaydigan bolalar kutubxonasidir. Keng qamrovli kitob to‘plamlari, ommaviy dastur va mahorat darslari, shuningdek, sevimli mashg‘ulotlar bo‘yicha to‘garaklar – kutubxona makonida bolalar va o‘smirlar zehnini charxlovchi ko‘plab imkoniyatlar mavjud. Loyihada asosiy e’tibor 3 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan yosh toifalariga qaratilgan. Bu hamon eng yaxshi xotiralarimiz bilan bog‘liq bolalar kutubxonasi hisoblanib, bu dargohda kattalarga ham peshvoz chiqishdan mamnun bo‘lamiz.