IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova hamda Qirollik jamg‘armasi huzuridagi An’anaviy san’at maktabi direktori d-r Xolid Azzam O‘zaro anglashuv va hamkorlik memorandumini imzoladilar.

Bitim O‘zbekistonning boy madaniy merosini asrab-avaylash, qayta tiklash va targ‘ib etishdek ezgu maqsadga yo‘naltirilgan Toshkentda An’anaviy san’at va hunarmandchilik maktabini ta’sis etish yo‘lidagi debocha qadam hisoblanadi.

Ixtisoslashtirilgan akademik dastur joriy yilning kuzidayoq ilk talabalarning qaldirg‘och guruhini o‘z bag‘riga oladi va navqiron shogirdlarga O‘zbekistonning an’anaviy san’atini jo‘shqin va uzluksiz rivojlanayotgan madaniy hodisa sifatida o‘rganish, amalda tatbiq etish va taraqqiy ettirish imkoniyatini taqdim etadi.