7-mart kuni “O‘ZEKSPOMARKAZ”ning 5-pavilionida “Savitskiy kundaliklari. Qadimiy va navqiron” nomli yangi multimedia ko‘rgazma loyihasi o‘z ishini boshlaydi. Ko‘rgazma tomoshabinlarni tarix va madaniyat multimedia ekranlarida rassomlar tomonidan yaratilgan hikoyalarda uyg‘unlashgan XX asr Markaziy Osiyo tasviriy san’ati olamiga sho‘ng‘ishga taklif etadi.
 
Multimedia ko‘rgazmasida tomoshabinlar Igor Savitskiy nomidagi Davlat san’at muzeyi sara to‘plamlariga mansub asarlarni tomosha qiladilar. Asarlar nafaqat Markaziy Osiyo an’analari va madaniyatini aks ettiradi, balki mintaqa qiyofasini o‘zgartirib yuborgan XX asr tarixiy voqealarini ham qamrab oladi.
 
“Savitskiy kundaliklari. Qadimiy va navqiron” ko‘rgazmasi tomoshabinlarni O‘zbekiston zaminidan ilhomlangan musavvirlarning ijod so‘qmoqlari bo‘ylab yetaklaydi. Mintaqadan chuqur taassurot ostida qolgan ijodkorlar o‘z asarlarida zamonaviy va an’anaviy mavzularni faol uyg‘unlashtirganlar. Aksariyat hollarda ular ijtimoiy hayot markazlari hisoblanmish bozor yoki choyxonalarni tasvirlaganlar. Ayniqsa zamonaviylik va an’analarning uyg‘unligi ko‘chalar, transport va turfa liboslarga burkangan kishilarni gavdalantiruvchi shahar sahnalarida alohida yorqin namoyon bo‘lgan. Bu davrda yaratilgan asarlar realizmning badiiy akademik anʼanasi va “sharqonalik” nomi bilan ham tanish Sharqning xayoliy, yuksak ulug‘langan tasavvurining o‘ziga xos uygʻunlashuviga turtki yasaydi.
 
Igor Savitskiy to‘plagan kolleksiyalar sanʼatning bir nechta davr va uslublarini, jumladan, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻistonning arxeologik topilmalari, akademik rangtasvir, Yevropa modernizmi va manzarali asarlarini oʻzida mujassam etadi.
 
Shunday qilib, Igor Savitskiy sara to‘plamlarining hashamatini namoyish etuvchi mazkur yangi ko‘rgazma nafaqat XX asr Markaziy Osiyo san’atining keng ko‘lamini, balki san’atning mintaqa tarixi bilan chambarchas bog‘liqligini ham aks ettiradi.
 
Zallarda rassomlarning tarixiy voqealarga munosabat bildirgan holda Markaziy Osiyo xalqlari hayoti, anʼanalari va madaniyatini aks ettirgan asarlari taqdim etilgan. Eksponatlarning xilma-xilligi badiiy yondashuvlarning rang-barangligini ko‘rsatibgina qolmay, balki san’atning zamon ko‘zgusi sifatidagi ahamiyatiga urg‘u bergan holda mintaqaning tarixiy va madaniy yuksalishidagi muhim rolidan dalolat beradi.
 
“Savitskiy kundaliklari. Qadimiy va navqiron” ko‘rgazmasining har bir surati bu ekranda madaniy muloqotlar va tafovutlar namoyon bo‘ladigan badiiy ko‘zqarashning bir lahzasidir. Ko‘rgazma tomoshabinlarni san’at tarixiy voqealar va dunyoqarashlar ko‘zgusiga aylanadigan zamon va makon bo‘ylab maroqli sayohatga chorlab qoladi.
 
Ko‘rgazma 2024-yilning 7-martidan 7-iyuniga qadar “O‘ZEKSPOMARKAZ”ning 5-pavilionida davom etadi.
 
Chiptalar iticket.uz’da