Multimedia ko‘rgazmasining “Impressionistlar” nomli I qismi ushbu badiiy yo‘nalishning asoschisi hisoblanmish Eduard Manening asarlari bilan boshlanadi. Mone, Dega va Renuarning mahobatli asarlari impressionizm g‘oyalari badiiy timsolining asl mohiyati haqida tasavvur uyg‘otadi: yaqqol ajralib turuvchi bo‘yoqlar, sof rang va inqilobiy mavzular. Impressionizm g‘oyalari Eduard Mane, Klod Mone, Edgar Dega, Ogyust Renuar, Anri de Tuluz-Lotrek va Anri Russo kabi qator buyuk musavvirlarni birlashtirgan. Mazkur atoqli rangtasvir ustalarining asarlari multimedia taqdimotida namoyish etiladi.

San’atshunos Ernst Gombrich ta’biricha, “Omma impressionistlar suratini qadrlab, unga baho berishi uchun bir necha metr ortga tislanib, ajib nuqta dog‘lar to‘satdan bir joyga sho‘ng‘ishini va ko‘z o‘ngimizda hayot namoyon bo‘lishidan zavqlanib bahra olish zarurligini anglab yetishi uchun ma’lum vaqtni taqozo etdi”.

Raqamli texnologiyalar sharofati bilan impressionistlarning durdona asarlarini go‘zal musiqa, ulkan ekranlar va zamonaviy raqamli aks-ta’sirlar uyg‘unligida tomosha qilish mumkin.

Multimedia ko‘rgazmasining II qismi Klimt hayoti va ijodiga bag‘ishlangan.

Gustav Klimt o‘z tahsilini Vena san’at va hunarmandchilik maktabida olib, shuhrat pillapoyalarini muassasaning zakiy bolasi sifatida boshlaydi. Klimtning dastlabki asarlari tarixiy sahnalarning tabiiy tasvirlash orqali akademik va burjuaziyaning san’atga nisbatan orzu-umidlarini maqbul, deb hisoblaydi. Ammo Klimtning hamma asarlari ham bunday izchil cheklovlarga mos kelmagan. Hozirgi kunda uning dong taratgan rasmlari butun dunyoda mashhur bo‘lib, olqishlarga sazovordir. Klimtning durdona asarlari “art-nuvo – yangi san’at” uslubi hamda multimedia tomoshasining qalb nuqtasi hisoblanadi. Tashrif buyuruvchilar Klimtning eng dong‘i ketgan oltin asarlari, hatto musavvirning eng avvalgi va mumtoz durdona asarlaridan bahramand bo‘la oladilar.

Jami ko‘rgazmada ulkan multimedia xonasining turli burchaklarida joylashtirilgan katta ekranlar orqali rassomning 100 dan ortiq suratlari namoyish etiladi. Tomoshabinlar, ma’lumki, modern uslubidagi ishlarda muhim hisoblangan asarning har bir unsur va tafsilotiga yaqindan razm solishdek noyob imkoniyatga ega bo‘ladilar.

Ko‘rgazma 2023-yilning 10-iyun – 10-sentabr kunlari “O‘ZEKSPOMARKAZ”ning                5-pavilionida bo‘lib o‘tadi.