Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerovaning madaniy merosni muhofaza qilish sohasidagi xalqaro ekspertlar – italiyalik me’mor Franchesko Bandarin va Fransiyaning “RC HERITAGE” kompaniyasi bosh direktori Simone Rikka bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston madaniy merosini asrash bo‘yicha Milliy strategiyani ishlab chiqish jarayoni muhokama qilindi. Hujjatda mavjud tashabbuslar yagona tizimga birlashtiriladi hamda me’morchilik yodgorliklari, shahar ansambllari, madaniy landshaftlar hamda nomoddiy merosni muhofaza qilish nazarda tutiladi.
Strategiya obyektlar holatini baholash, ustuvor loyihalarni belgilash, tadqiqot salohiyatini rivojlantirish va xalqaro tashkilotlar, jumladan, YUNESKO, IKOMOS va IKKROM bilan hamkorlikni kengaytirishda muhim qadam bo‘ladi.