Qoraqalpog‘iston — Bugun “Orol maktabi” ishtirokchilari auditoriyadan chiqib, Orol dengizining qurigan tubiga yo‘l oldilar. BMTTD’ning O‘zbekistondagi ekspertlari hamda Karauzyak davlat o‘rmon xo‘jaligi o‘rmonchilari bilan birgalikda ular dunyoning eng murakkab landshaftlaridan birida saksovul ko‘chatlari va boshqa galofit o‘simlik turlarini ekdilar. Shu tariqa bir necha oy davom etgan qo‘shma ta’lim jarayoni amaliy maydonda o‘z ifodasini topdi.
Bugungi dala ishlari O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda O‘zbekistan BMTTD o‘rtasida shakllanib borayotgan institutsional hamkorlikning bevosita natijasidir. Ushbu hamkorlik 2025-yil 5-aprel kuni Nukus shahrida, Jamg‘arma raisi Gayane Umerova va BMTTD’ning O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii tomonidan imzolangan Anglashuv memorandumi bilan rasmiylashtirilgan edi. Memorandum ilk Orol madaniyat sammiti doirasida, BMTTD Bosh kotib yordamchisi Ivana Jivkovich ishtirokida imzolangan.
Gayane Umerova, O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi:
““Orol maktabi” odatda bir makonda kamdan-kam uchrashadigan yo‘nalishlarni — dizayn, ekologiya, fan, madaniyat va mahalliy bilimlarni — birlashtiradi. Aynan shu kesishuv nuqtasida yangi yechimlar tug‘iladi. BMTTD bilan hamkorlik bizga ushbu tasavvurni bevosita amaliyotga — dala sharoitida, jamoalar bilan va bu mintaqa hamda undan tashqarida tiklanish tushunchasini yangicha talqin qiladigan yangi avlod bilan ishlash orqali — bog‘lash imkonini beradi.”
2026 yil yanvar oyidan buyon Jamg‘arma, BMTTD va “Orol maktabi” qo‘shma faoliyatning tizimli dasturi asosida hamkorlikni bosqichma-bosqich rivojlantirib kelmoqda — mentorlik sessiyalari va bilim almashuv uchrashuvlaridan tortib, bugungi qurigan dengiz tubidagi dala ishlarigacha. So‘nggi haftalarda tomonlar Orolbo‘yi uchun muhim bo‘lgan yo‘nalishlar — suv resurslarini boshqarish, iqlimga moslashuvchan qishloq xo‘jaligi, ekotizimlarni tiklash hamda jamoalarning barqarorligini mustahkamlash masalalari yuzasidan yaqindan hamkorlik qildilar. Bugun esa ushbu umumiy bilim amaliy maydonga ko‘chdi.
Akiko Fujii, BMTTD’ning O‘zbekistondagi doimiy vakili:
“Orolbo‘yi mintaqasini tiklash faqat texnik yechimlar bilan cheklanmaydi. Bu — umumiy e’tiqodga ega institutlarni talab qiladi: ta’lim, fan va madaniyat ekologik tiklanishdan alohida emas, balki uning ajralmas qismidir. BMTTD va Jamg‘arni aynan shu qarash birlashtiradi. Hamkorlar ushbu maqsad atrofida uyg‘unlashib, birgalikda harakat qilganida, haqiqiy o‘zgarish boshlanadi.”
“Orol maktabi” ishtirokchilari, BMTTD’ning Orolbo‘yi bo‘yicha ekspertlari hamda Karauzyak davlat o‘rmon xo‘jaligi xodimlari qurigan dengiz tubida yelkama-yelka ishladilar. Har bir tomon umumiy farovonlik yo‘lida o‘ziga xos tajriba va bilimini safarbar etdi. Karauzyak jamoasi dunyodagi eng og‘ir tiklanish hududlaridan birida orttirgan ko‘p yillik tajribasiga tayangan holda ekish jarayonini amaliy boshqarib bordi. BMTTD innovatsion ekish usullari bo‘yicha texnik izoh va metodik yondashuvni taqdim etdi. “Orol maktabi” ishtirokchilari esa qiziquvchanlik, yangicha nigoh va fanlararo tafakkur bilan jarayonga hissa qo‘shdilar.
Birgalikda ular dengiz tubini barqarorlashtirishda asosiy mahalliy tur hisoblangan saksovul (Haloxylon) hamda Orolqum cho‘lining keskin sharoitlariga moslashgan boshqa galofit o‘simliklarni ekdilar. Ushbu hudud tuproq sho‘rlanishining yuqoriligi, −30°C dan +45°C gacha o‘zgarib turadigan harorat, kam yog‘in va to‘xtovsiz sho‘r chang bo‘ronlari bilan ajralib turadi.
Saksovul aynan shu muhitga noyob darajada moslashgan. Yetuk butalardan biri ko‘chib yuruvchi to‘rt tonnagacha qumni ushlab qoladi. Uning ildiz tizimi 10–15 metr chuqurlikkacha kirib boradi, har bir gektar saksovulzor esa yiliga 1 100 kilogrammdan ortiq karbonat angidrid (CO₂) ni yutadi. Yetti yillik saksovulzorlarda yer yuzasiga yaqin shamol tezligi deyarli nol darajagacha kamayadi, bu esa mintaqada millionlab insonlar salomatligiga ta’sir ko‘rsatayotgan zaharli chang bo‘ronlarini sezilarli darajada cheklaydi. Ko‘chatlar Davlat o‘rmon xo‘jaligining mahalliy pitomniklarida yetishtirilgan bo‘lib, bu ularning mahalliy sharoitga to‘liq moslashuvini ta’minlaydi.
“Yashil Orol dengizi” tashabbusining besh yili — va oldinda turgan ulkan miqyos
Bugungi ekish ishlari BMTTD tomonidan 2020-yil 11-mart kuni boshlangan “Yashil Orol dengizi” kraudfanding tashabbusining bir qismidir. O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi va “Orol maktabi” bilan hamkorlikda qurigan dengiz tubining 90 gektar maydonida 90 000 tup saksovul va boshqa galofit o‘simliklar ekilmoqda. Bu dunyoning eng murakkab landshaftlaridan biriga yana hayot nafasi baxsh etmoqda.
Biroq O‘zbekiston hududidagi qurigan dengiz tubi 2,7 million gektarni tashkil etadi — bu Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng katta ulushdir. Oldinda turgan vazifa ko‘lami bugun shakllangan hamkorlik kabi tashabbuslarning nafaqat muhim, balki zarur ekanini yaqqol ko‘rsatadi.
Bir dollar — bir saksovul. 25 yil davomida cho‘llanishga qarshi himoya.
Orol dengizini tiklashni qo‘llab-quvvatlang: greenaralsea.org
Hamkorlar haqida
BMT Taraqqiyot dasturi O‘zbekistonda 30 yildan ortiq vaqtdan buyon faoliyat yuritib, mamlakatning barqaror rivojlanishini to‘rtta o‘zaro bog‘liq yo‘nalishda qo‘llab-quvvatlab kelmoqda: samarali boshqaruv, inklyuziv va barqaror iqtisodiy o‘sish, atrof-muhit va iqlim bo‘yicha harakatlar hamda gender tengligi. Qoraqalpog‘istonda BMTTD Orolbo‘yi mintaqasining eng dolzarb muammolariga — ekotizimlarni tiklash, iqlimga moslashuvchan qishloq xo‘jaligi, suv boshqaruvi, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish hamda xotin-qizlar va yoshlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga — qaratilgan maxsus loyiha ofisiga ega. Ko‘proq ma’lumot uchun: undp.org/uzbekistan
O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi mamlakatimizning bebaho madaniy merosi, san’ati va madaniyatini asrab-avaylash, rivojlantirish va jahon miqyosida targ‘ib etishga xizmat qiladi. O‘zbekiston madaniy taraqqiyotining eng oldingi saflarida faoliyat yuritayotgan Jamg‘arma milliy madaniy ekotizimni mustahkamlash, kreativ iqtisodiyotga turtki berish hamda san’at va madaniyat vakillari uchun mahalliy, mintaqaviy va global miqyosda yangi imkoniyatlar yaratishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Jamg‘arma madaniyat va meros jamiyatini shakllantirish, jamoalarni birlashtirish, avlodlar o‘rtasida uzviy bog‘liqlikni ta’minlash hamda turli madaniyatlar o‘rtasida muloqot ko‘prigini barpo etishda muhim o‘rin tutishiga qat’iy ishonadi.
Jamg‘arma madaniyat, ekologiya va ijtimoiy rivojlanish kesishmasida transformatsion tashabbuslarni amalga oshirmoqda. Uning flagman loyihalari qatoriga “Orol maktabi” va Orol madaniyat sammiti kiradi.
Bugungi kunda Jamg‘arma 2026-yil 21-mart kuni ochilishi rejalashtirilgan Toshkent Zamonaviy san’at markazini restavratsiya qilish va rivojlantirish ishlariga rahbarlik qilmoqda. Ushbu maskan mintaqa uchun yangi madaniy markazga aylanishi kutilmoqda. Shuningdek, mashhur me’mor Tadao Ando tomonidan loyihalashtirilgan, Toshkent shahrining markazida qad rostlaydigan va ramziy hamda me’moriy timsolga aylanishi mo‘ljallangan O‘zbekiston Milliy muzeyi qurilishi ham Jamg‘arma tashabbusi bilan amalga oshirilmoqda. Jamg‘arma tomonidan ilk bor tashkil etilgan Buxoro biyennalesi (2025-yil 5-sentabr – 23-noyabr) shahar hayotida muhim madaniy voqeaga aylandi va 1,5 milliondan ortiq tashrif buyuruvchini o‘ziga jalb etib, Buxoroning mahalliy hamjamiyati, rassomlari va hunarmandlarini jahon bilan bog‘ladi. Jamg‘arma, shuningdek, 2025-yil 4–6-aprel kunlari ilk Orol madaniyat sammitiga asos soldi — bu tadbir mintaqaning ekologik va madaniy tiklanishi yo‘lida global mutaxassislarni birlashtirdi; uning ikkinchi marotaba 2026-yil sentabr oyida bo‘lib o‘tadi. Samarqand shahrida esa Jamg‘arma Yunesko Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga (2025-yil 30-oktabr – 13-noyabr) mezbonlik qildi — bu Yunesko tarixidagi muhim va ramziy qaror bo‘ldi. Bundan tashqari, Jamg‘arma “Tashkent Modernism XX/XXI” nomli uzoq muddatli tadqiqot loyihasini yo‘lga qo‘yib, poytaxtning modernistik me’morchilik merosini hujjatlashtirish va muhofaza qilishga hissa qo‘shmoqda; loyiha doirasida Rizzoli New York (2024-yil noyabr) va Lars Müller Publishers (2025-yil may) nashrlari bilan hamkorlikda ikki muhim maqola chop etildi.
Bugunga qadar Jamg‘arma O‘zbekistonda va dunyoning 17 mamlakatida tashkil etilgan yirik ko‘rgazmalar orqali 5 milliondan ortiq tomoshabinni qamrab oldi. Parijdagi Luvr va Arab dunyosi instituti, Florensiyadagi Uffitsi galereyasi, Londondagi Britaniya muzeyi hamda Pekindagi Imperator saroyi muzeyi kabi nufuzli maskanlarda taqdim etilgan loyihalar Jamg‘armaning xalqaro miqyosdagi faoliyatidan dalolat beradi. Yevropa, Osiyo va Fors ko‘rfazi mintaqalarida amalga oshirilayotgan tashabbuslar hamda 40 dan ortiq xalqaro muzey va madaniyat muassasalari bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorliklar orqali Jamg‘arma o‘zbek ovozi va hikoyalarini dunyoning eng nufuzli madaniy maydonlarida yangratmoqda.
Ko‘proq ma’lumot uchun: acdf.uz
“Orol maktabi” — Nukus shahrida faoliyat yuritayotgan ekologik ta’lim dasturi bo‘lib, bioregional dizayner Yan Buelen rahbarligida yo‘lga qo‘yilgan. Birinchi pilot kurs 2026-yil yanvar–iyun oylarida o‘tkazilmoqda. Veb-sayt: aralschool.uz
Karauzyak davlat o‘rmon xo‘jaligi bugungi kunda Orol dengizining qurigan tubida saksovul va galofit o‘simliklarni ekish bo‘yicha BMTTD’ning amalga oshiruvchi hamkori hisoblanadi.
Media uchun aloqa:
BMTTD O‘zbekistan
O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi/ “Oral maktabi”
