2024-yil 19-noyabr kuni Toshkentda ilk bor katta yakkaxon konsert bilan xitoylik virtuoz pianinochi Lang Lang ijro etadi. Ushbu chiqish sozandaning Markaziy Osiyodagi ilk namoyishi bo‘ladi. Tadbir “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida bo‘lib o‘tadi.
 
Lang Lang hozirda zamonaviy mumtoz musiqaning yetakchi vakili hisoblanadi. Uni 2008-yilgi Pekin Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimiga ham, nufuzli konsert zallarida ham ijro etishga taklif etishadi. U ser Saymon Rettl, Gustavo Dudamel, Daniel Barenboym va Kristof Eshenbah kabi dirijyorlar bilan hamkorlik qilib, yetakchi orkestrlar bilan ijro etadi. Lang Lang qoliplarsiz fikrlashi bilan mashhur bo‘lib, turli musiqiy olamlarga g‘oyibona sayohat qiladi. Uning GRAMMY mukofoti taqdimotida “Metallica”, Farell Uilyams yoki jaz afsonasi bo‘lmish Herbi Henkok bilan chiqishlarini butun dunyo bo‘ylab millionlab muxlislar zavq bilan tomosha qilganlar.
 
Lang Langning mumtoz musiqani yangi auditoriyaga olib chiqishga bo‘lgan cheksiz ishtiyoqi unga katta e‘tirofni olib keldi: u 2010-yilda Davosda “Crystal Award”ga sazovor bo‘lib, Jahon iqtisodiy anjumani uni 250 nafar “Yosh jahon yetakchilari” ro‘yxatiga kiritadi. Shuningdek, u Qirollik musiqa kolleji, Manhetten musiqa maktabi va Nyu-York universitetining faxriy doktori unvoni sohibidir. 2011-yil dekabr oyida u Xitoy Xalq Respublikasi Madaniyat vazirligining eng oliy mukofoti bilan taqdirlanib, Germaniyaning “Germaniya Federativ Respublikasi oldidagi xizmatlari uchun” va Fransiyaning “San’at va adabiyot ordeni” singari eng yuksak fuqarolik mukofotlariga munosib, deb topilgan. 2016-yilda Lang Lang Vatikanga taklif etilib, Rim papasi Fransisk huzurida ijro etgan.
 
2024-yilda Lang Lang dunyoning o‘nlab poytaxtlarida konsert berishni rejalashtirmoqda. Navbatda Toshkentdagi ilk konsert bo‘lib, unda u Jorj Fure, Frederik Shopen va Robert Shuman asarlaridan iborat yakkaxon dasturini taqdim etadi.
 
Konsert O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkil etilib, mamlakat aholisini jahon musiqa merosiga oshno etish hamda O‘zbekiston ijodiy jamoalari va sozandalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan dasturning bir qismi hisoblanadi.
 
Chiptalar tez orada iTicket.uz’da.