2024-yilning 17-martidan 1-iyuliga qadar Ozarbayjonning Boku shahridagi Haydar Aliyev markazida “Choklardagi meros: Oʻzbekistonning kashtachilik va tikuvchilik anʼanalari bo‘ylab sayohat” koʻrgazmasi boʻlib oʻtadi. Koʻrgazmada Oʻzbekiston muzey sara to‘plamlarida saqlanayotgan 148 dan ortiq bezakli amaliy sanʼat namunalari taqdim etiladi. Ko‘rgazma mamlakatning XIX asr oxiri – XX asr boshlaridagi madaniy va tarixiy merosi va xalq liboslariga bag‘ishlanadi.
 
Ko‘rgazma ochilishi doirasida madaniy dastur rejalashtirilgan. 2024-yilning     16–17-mart kunlari Ozarbayjon davlat akademik musiqali teatri sahnasida ilk bor Ozarbayjonda ilk bor “Lazgi. Muhabbat va qalb raqsi” balet spektakli namoyish etiladi.
 
Ko‘rgazma bir necha bo‘limlardan iborat:
 
– erkaklar milliy libosining ajralmas qismi bo‘lmish zardo‘zi to‘nlar taqdim etilgan choponlar bo‘limi;
 
– Buxoro, Jizzax, Nurota, Samarqand, Shahrisabz va Toshkent so‘zana namunalari namoyish etiladigan kashtachilik bo‘limi. Kashta naqshlari xilma-xil bo‘lib, unda tabiat kuchlarining muhofazasi timsoli bo‘lgan gullar va yulduzlar ustunlik qiladi;
 
– Buxoro, Samarqand va Qoraqalpog‘iston zargarlik buyumlari bo‘limi. Tashrif buyuruvchilar qadimgi ustalarning kumush, firuza va boshqa qimmatbaho toshlardan yasalgan asarlarini tomosha qiladilar.
 
Ko‘rgazma O‘zbekiston o‘zliginining ajralmas qismi hisoblangan XIX – XX asr boshlaridagi hunarmandchilikning tiklanishini aks ettiradi. Buxoro zardo‘z kashtachiligi hamisha mamlakatimiz san’atining ko‘plab turlari orasida alohida o‘rin egallab kelgan. Aynan Buxoroning amiri Muzaffar ibn Nasrulloxon (1860-1885) hukmronligi davrida zardo‘zlik o‘zining uslubi va sifati bilan gullab-yashnagan cho‘qqisiga erishadi. Ko‘p miqdordagi chopon, ko‘ylak, bosh kiyim va jabdug‘lar kabi go‘zal namunalar amirning shaxsiy ustaxonasida tayyorlangan bo‘lib, bu saroyning bashang turmush tarzidan dalolat bergan.
 
Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan, tog‘lari, cho‘l-sahrolari, unumdor tekislik va vohalarga ega O‘zbekiston boy tarixi va madaniyati bilan har qancha maqtansa arziydi. O‘zbekiston ko‘plab ajdodlar madaniyati va an’analarining vorisidir. Dashtlar, Hindiston, fors, Xitoy va arab-musulmon dunyosi xalqlari o‘rtasidagi tamaddunlar chorrahasi hisoblangan O‘zbekiston o‘zining strategik va madaniy joylashuvi sharofati bilan qudratli podshohlik va saltanatlarga makon xazina bo‘lgan.
 
Ko‘rgazma ochilishining madaniy dasturi doirasida 16–17-mart kunlari Ozarbayjon davlat akademik musiqali teatri sahnasida Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ko‘magida ilk bor Ozarbayjonda “Lazgi. Muhabbat va qalb raqsi” balet spektakli namoyish etiladi.
 
Mashhur nemis baletmeysteri Raul Raymondo Rebekning taʼsirchan sahna asari YUNESKO tomonidan insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan qadimiy Xorazm raqsi — lazgisiga bag‘ishlangan. Xalq donishmandligining timsoli bo‘lgan, ko‘plab sir-asror va afsonalarga chulg‘angan Xorazm raqsi tarixi uch ming yillik tarixga ega. Fusunkor quvvat, otashin harakatlar, murakkab raqs bezagiga asoslangan noyob uslub – bularning barchasi lazgini misli yo‘q madaniy hodisaga aylantiradi. O‘zbekiston milliy baletining spektakli ilk bor 2021-yilda omma e’tiboriga havola etilgan bo‘lib, o‘sha zahotiyoq tomoshabinlarning olqish va tasannolariga sazovor bo‘lgan.
 
Nafis raqs san’ati mohiyatida xatti-harakatlar va hayotning o‘ziga nisbatan muhabbat hikoyasi yotadi. Badiiy asar muqaddimasi ming yillar avval Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab Markaziy Osiyo orqali o‘tgan karvonlarning hashamatli davridan boshlanadi. Jazirama cho‘lu-biyobonda afsungar xirgoyisi ostida Muhabbat uyg‘onib, o‘lmas Qalb o‘zining mangu raqsini xumor aylaydi. Bu moziydan istiqbolga hayoliy sayohat – bu ko‘p asrlik an’analar va xalq ruhoniyatini o‘zida mujassam etgan Qalb va unga barcha davrlar mobaynida beixtiyor ergashib boruvchi Muhabbat qissasidir. Xalq tarixi, ajdodlar xotirasi, ruhlar tovushi – baletning har bir pardasida zamonlararo bog‘liqlik tobora kuchayib borib, tomoshaning eng avj nuqtasida Qalb va Muhabbat ayrilmas bir butunlikni hosil qiladi.
 
Baletni sahnalashtirishda zamonamizning taniqli san’at ustalaridan iborat xalqaro jamoa ish olib bordi. Musiqa bastakor Devidson Jakonello tomonidan yozilgan, lol qoldiruvchi bezak va yorug‘lik ta’sirlarini dunyoga mashhur yapon multimedia rassomi Yoko Seyama xonim yaratgan. Libretto muallifi va xoreograf sahnalashtiruvchisi – Raul Raymondo Rebek, mashhur nemis raqqosi, Dortmund baletining beletmeysteri va “NRW Junior Ballet” badiiy rahbaridir. U 1987–2008-yillarda Berlin davlat operasi, Essendagi Nemis opera va balet Aalto teatrida bosh xonanda sifatida nufuzli xalqaro sovrinlar, jumladan Prix de Lozanne mukofotiga sazovor boʻlgan. U Uilyam Forsayt va Irji Kiliandan tortib Moris Bejar, Rudolf Nureyev va Rolan Petigacha bo‘lgan ko‘plab jahon sahnasi yulduzlari bilan faoliyat yurgizdi. Xoreograf va baletmeyster sifatida u AQSH, Avstriya, Germaniya, Gonkong, Kanada, Monako, Shveytsariya va Yaponiya jamoalari bilan hamkorlik qilgan. Shu tariqa uning spektakllari Berlin, Dortmund, Karlsrue, Myunxen, Nyu-York, Ostona, Seul va Shtutgart teatrlari ijod bisotiga ko‘rk bag‘ishlab keladi.

Ko‘rgazma va madaniy dastur O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ko‘magida tashkil etilmoqda.