27-oktabr kuni Samarqand shahrida 14-YUNESKO Yoshlar forumi o‘z ishini boshladi. Ushbu forum 140 dan ortiq mamlakatdan kelgan qariyb 150 nafar yosh yetakchini birlashtirdi. “Generation of Action” ochilish marosimi yoshlarning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashdagi va barqaror kelajakni shakllantirishdagi o‘rni hamda hissasini alohida ta’kidladi.

Tantanali marosimda YUNESKO Bosh direktorining tabiiy fanlar bo‘yicha yordamchisi Lidiya Artur Britu, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Kreativ iqtisodiyot va turizm departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Elmurod Najimov, hamda Yoshlar agentligi direktori Alisher Sa'dullayev tabrik so‘zlari bilan ishtirok etdilar.

Nigeriya, Misr, Ispaniya, Boliviya va Braziliyadan kelgan yosh iqlim yetakchilari o‘z tashabbuslari va yechimlarini taqdim etdilar.

Kun yakunida 43-YUNESKO Bosh konferensiyasida taqdim etiladigan tavsiyalar va harakatga chaqiriqlarni ishlab chiqish bo‘yicha ishchi sessiyalar bo‘lib o‘tdi.