Bugun ertalab Samarqandda YUNESKO ishlari bo‘yicha milliy komissiyalarning XII mintaqalararo uchrashuvi o‘z ishini boshladi

YUNESKO Bosh direktori o‘rinbosari Sin Syuy (Xing Qu) va YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy komissiyasi raisi, O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi, Prezident Administratsiyasi Kreativ iqtisodiyot va turizm bo‘yicha departamentining rahbari Gayane Umerova tabrik so‘zlarini yo‘lladilar. Uchrashuvga raislik qilish uchun saylangan Gayane Umerova o‘z nutqida Samarqandning tamaddunlar chorrahasi sifatidagi ramziyligini ta’kidlab, YUNESKO tomonidan belgilab berilgan sheriklik va birdamlik ruhini yangilash muhimligini qayd etdi.

Ertalabki dastur mavzuga oid ikki sessiyadan iborat bo‘ldi. Birinchisi yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish hamda barqaror rivojlanish uchun ularning tinchlik, inson huquqlari, ijtimoiy inklyuziya va ta’limni ilgari surishdagi roliga bag‘ishlandi. Muhokamada YUNESKO, shuningdek, Germaniya, Kanada va Keniya milliy komissiyalari vakillari ishtirok etdilar.

Ikkinchi muhokama sho‘basi raqamli davrda madaniyatlar va jamoalarning o‘zaro muloqotiga bag‘ishlanib, unda madaniy meros, barqaror turizm va Ipak yo‘li yo‘nalishlariga e’tibor qaratildi. So‘zga chiqqanlar orasida YUNESKO hamda Fransiya, Kyurasao va O‘zbekiston milliy komissiyalari vakillari bo‘lishdi.